
Farg‘ona davlat universiteti sport faoliyati fakulteti 1-bosqich talabasi Sevinchxon O‘rinboyeva sportning karate-do yo‘nalishida yana bir yuksak natijaga erishib, mamlakat sport jamoatchiligini quvontirdi.
Joriy yilning 28–29 mart kunlari Toshkent shahrida sportning ITKF Karate-do yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Nufuzli musobaqada mamlakatning eng kuchli karatechilari ishtirok etib, o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Ushbu chempionatda O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zosi Sevinchxon O‘rinboyeva Kumite, Kata va Enbu mix yo‘nalishlarida ishtirok etib, har uchala toifada ham faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Natijada u birgina chempionatning o‘zida uchta oltin medal sohibiga aylandi.
Sportchining bunday yuksak natijasi uning puxta tayyorgarligi, qat’iy intizomi va yuqori professional mahoratidan dalolat beradi. Har bir yo‘nalishda u raqiblariga nisbatan ustunlikni saqlab qolgan holda, o‘zining texnik va taktik jihatdan yetuk ekanini namoyon etdi.
Mazkur g‘alaba nafaqat Sevinchxon O‘rinboyevaning shaxsiy yutug‘i, balki Farg‘ona davlat universitetida sportni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlarning ham samarali natijasidir. Universitetda yaratilgan sharoitlar, murabbiylar qo‘llab-quvvatlovi va yosh sportchilarga berilayotgan e’tibor bunday yutuqlarga zamin yaratmoqda.
Yosh va iqtidorli sportchimizning ushbu muvaffaqiyati kelgusida yanada yirik xalqaro musobaqalarda ham yuqori natijalar qayd etishiga ishonch uyg‘otadi.