
Talaba-yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “Vazir kubogi” musobaqasi yakuniga yetdi.
Yakuniy taqdirlash marosimi avvalida turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi ishtirokchilar aniqlanib, ularning mehnati munosib e’tirof etildi. Bellashuvlar davomida o‘zining ishonchli o‘yini va yuqori mahorati bilan ajralib turgan Farg‘ona davlat universiteti vakili Zulumor Ibrohimova “Eng kuchli darvozabon” nominatsiyasiga munosib deb topildi.
Musobaqa davomida Zulumor Ibrohimova bir qator hal qiluvchi vaziyatlarda jamoasini ishonchli tarzda himoya qilib, murakkab zarbalarni qaytarish orqali jamoa muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shdi. Uning barqaror o‘yini va maydondagi yetakchilik fazilatlari hakamlar hamda mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalarga 3 million so‘m miqdorida pul mukofoti hamda faxriy sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Bu esa ishtirokchilar uchun yanada katta motivatsiya va kelgusidagi yutuqlarga rag‘bat bo‘lib xizmat qildi.
“Vazir kubogi” musobaqasi yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda iqtidorli sportchilarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etdi.