

Fargʻona davlat universitetida Yoshlar kuni doirasida inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan muhim uchrashuv tashkil etildi. Unda magistratura bo‘limi boshlig‘i B. Qurbonova alohida ehtiyojga ega hamda ilmiy izlanishlarini inklyuziv ta’lim yo‘nalishiga bag‘ishlayotgan magistrantlar bilan ochiq muloqot olib bordi.
Uchrashuv davomida har bir magistrantning fikri, taklif va tashabbuslari alohida e’tibor bilan tinglandi. Talabalarni qiynayotgan masalalar, ilmiy izlanishlar jarayonidagi muammolar hamda ta’lim sharoitlari yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borildi.
Bunday individual yondashuv yoshlarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi, ilmiy faoliyatda yanada faol bo‘lishiga xizmat qiladi.
Muloqot jarayonida inklyuziv ta’limning ahamiyati, uning jamiyatdagi o‘rni va rivojlanish istiqbollari haqida ham fikr almashildi. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar nafaqat ta’lim tizimi, balki jamiyatda teng imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Magistrantlar tomonidan bildirilgan takliflar va mavjud muammolar muntazam ravishda o‘rganib borilishi, ularning yechimi yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishi qayd etildi. Bu esa yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tizimli ishlarning davom etayotganidan dalolat beradi.
Universitetda yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ular uchun qulay va inklyuziv ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.