
Fargʻona davlat universiteti Kengashining tegishli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni hamda O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi Toshmatov Bahodir Hamidovich “Farg‘ona davlat universiteti faxriy professori” ilmiy unvoni bilan taqdirlandi.
Faxriy unvonni universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov tantanali ravishda topshirib, Bahodir Toshmatovni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy tabrikladi. Ta’kidlanganidek, mazkur unvon uning mamlakat xavfsizligi, sport va yoshlar tarbiyasiga qo‘shgan ulkan hissasining munosib e’tirofidir.
Bahodir Toshmatov bugungi kunda nafaqat harbiy sohada, balki sportni rivojlantirish, ayniqsa kamondan otish sport turini ommalashtirishda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Uning rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, Bahodir Toshmatov Fargʻona davlat universitetining iqtisodiyot fakulteti bitiruvchisi hisoblanadi. Uning bugungi yutuqlari universitet uchun katta faxr bo‘lib, yoshlar uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda.
Mazkur e’tirof ilm-fan, harbiy xizmat va sport sohalarining o‘zaro uyg‘unligini namoyon etadi. Faxriy professor unvoni esa yosh avlodni vatanparvarlik, fidoyilik va yetuklik sari undovchi muhim rag‘bat sifatida xizmat qiladi.
FarDU safidan yetishib chiqqan bunday yirik shaxslarning muvaffaqiyati bugungi talabalar uchun katta motivatsiya bo‘lib, ularni o‘z ustida ishlash, yuksak marralarni zabt etishga ilhomlantiradi.