
Farg‘ona davlat universitetida xalqaro hamkorlik va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tashabbus ta’lim sohasida o‘zaro tajriba almashish, yoshlar uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Tadbir doirasida universitetimizga qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining Qizil-Qiya sanoat-pedagogika kollejidan 8 nafar pedagog xodim hamda 20 nafar bitiruvchi yoshlar tashrif buyurdi. Ushbu tashrif ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tashrif tashabbuskori sifatida Axborot texnologiyalari hamda Amaliy matematika va informatika kafedralari professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, mehmonlar uchun mazmunli dastur va tanishtiruv jarayonlarini tashkil etdilar.
Tashrif davomida qirg‘izistonlik mehmonlar:
universitetimizning zamonaviy o‘quv binolari va auditoriyalari bilan yaqindan tanishdilar;
eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriyalar faoliyatini ko‘zdan kechirdilar;
talabalar uchun yaratilgan ijtimoiy, ma’naviy va madaniy sharoitlar, shuningdek, ta’lim yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot oldilar.


Ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasida yaratilgan keng imkoniyatlar, laboratoriyalar jihozlanishi va amaliy loyihalar qirg‘izistonlik yoshlar va pedagoglarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular universitetdagi innovatsion muhitni yuqori baholab, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma loyihalar tashkil etish va talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.
“Ochiq eshiklar kuni” nafaqat tanishtiruv tadbiri, balki ikki davlat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlovchi, yoshlar uchun yangi ufqlarni ochib beruvchi muhim akademik platforma bo‘lib xizmat qildi.
