
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan biri — ta’lim jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlarni keng jalb etish hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar bugungi kunda izchil davom ettirilib, oliy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Ana shu maqsadlar ijrosini ta’minlash doirasida Farg‘ona davlat universitetida xalqaro hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib, Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakultetining Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida akademik mobillik asosida muhim o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Xususan, Qozog‘iston Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari universitetimizga tashrif buyurib, talabalarga zamonaviy bilim va tajribalarini ulashdilar.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun:
professor, pedagogika fanlari doktori Bekmagambetova Roza Karpikovna
professor Shalinbayeva Kadisha Kadirovna
tomonidan mazmunli va interaktiv seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida maktabgacha ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlar, bolalar psixologiyasi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar hamda xalqaro tajriba asosida ta’limni tashkil etish masalalari keng yoritildi. Talabalar xorijiy professorlar bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish va yangi bilimlarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ushbu akademik almashinuv nafaqat talabalarning nazariy bilimlarini boyitdi, balki ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, global ta’lim muhitiga moslashish va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shubhasiz, bunday xalqaro hamkorlik loyihalari oliy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy va pedagogik salohiyatni mustahkamlash hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.