

Filologiya fakultetida milliy og‘zaki ijod durdonalarini asrab-avaylash va zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan muhim ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. “Askiya sanʼatining noyob namunalarini to‘plash va mobil ilovasini yaratish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan mazkur mintaqaviy seminar o‘z dolzarbligi va innovatsion yondashuvi bilan ajralib turdi.
Tadbir davomida askiya san’atining bebaho namunalarini yig‘ish, ularni ilmiy asosda tizimlashtirish, raqamlashtirish va keng jamoatchilikka qulay shaklda yetkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, mobil ilova yaratish orqali ushbu noyob merosni yoshlar orasida ommalashtirish g‘oyasi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Seminarda soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar hamda ijodkorlar faol ishtirok etib, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Mehmonlar orasida Farg‘ona viloyati hokimining Davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tongotarova Sohibjamol hamda Urganch innovatsiyalar universiteti dotsenti R. Xudoyberganovning ishtiroki tadbir nufuzini yanada oshirdi.
Mutaxassislar o‘z chiqishlarida askiya san’atining xalq og‘zaki ijodidagi o‘rni, uning tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyati, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yordamida uni saqlash va targ‘ib etishning samarali usullari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, loyiha doirasida ishlab chiqilayotgan innovatsion yechimlar, xususan, interaktiv platformalar va mobil ilova imkoniyatlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Seminar davomida bildirilgan taklif va tashabbuslar ushbu loyihaning yanada takomillashishiga, uning amaliy natijadorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar milliy madaniy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan askiya san’atini asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga yetkazish va global miqyosda targ‘ib etishda mazkur loyiha muhim o‘rin tutishini alohida qayd etdilar.