Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 514
  • Ko`rib chiqilganlar 481
    • Takliflar 61
    • Arizalar 402
    • Shikoyatlar 51
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

“SAYYOH” ASARI TAQDIMOTI: ADABIYOT, TAFAKKUR VA MA’NAVIYAT UYG‘UNLIGI

10:46, 24.04.2026      

Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakultetida Qirg‘iziston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, taniqli yozuvchi, tarixchi, tarjimon hamda tasavvuf ta’limoti tadqiqotchisi, davlat va jamoat arbobi Begijon Ahmedovning “Sayyoh” nomli asari taqdimoti yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur adabiy uchrashuv nafaqat kitob taqdimoti, balki ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalar, adabiyot va ma’naviyat mushtarakligini ifodalovchi muhim voqea sifatida e’tirof etildi.

Tadbirni Filologiya fakulteti dekani M. Mamajonov kirish so‘zi bilan ochib, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik an’analari bugungi kunda ayniqsa madaniyat va san’at sohalarida yanada mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u “Sayyoh” asaridan olgan chuqur taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, asarning badiiy va falsafiy qiymatiga yuqori baho berdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar asar va muallif ijodiga turli jihatlardan yondashib, mazmunan boy, ilmiy va badiiy fikrlarini bildirdilar.

Jumladan:

Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari D. Ergasheva “Polkovniklikdan yozuvchilikkacha” mavzusida chiqish qilib, Begijon Ahmedovning hayot yo‘li, uning murakkab va serqirra faoliyati haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib va tarjimon A’zam Ismoil esa “Begijon Ahmedov ijodining o‘ziga xosligi” haqida so‘z yuritar ekan, muallifning uslubiy mahorati va badiiy tafakkuridagi noyob jihatlarni tahlil qildi.

FarDU filologiya fakulteti dotsenti X. Sharafutdinov “Begijon Ahmedov — mohir qissa ustasi” mavzusida chiqish qilib, yozuvchining qissachilik janridagi o‘rni va mahoratini ilmiy asosda yoritib berdi.

Dotsent O. Barziyev esa “Sayyoh” qissasini inson ruhiyati va zamon chorrahasidagi falsafiy talqin sifatida sharhlab, asardagi chuqur ma’naviy qatlamlarga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi N. Ortiqova “Asarda inson va e’tiqod masalasi” mavzusida chiqish qilib, asarning ruhiy-falsafiy mohiyatini ochib berdi.

Tadbirda Filologiya fakulteti magistrantlarining chiqishlari ham alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ular tomonidan bildirilgan mustaqil fikrlar, ilmiy yondashuv va badiiy tahlillar yetuk mutaxassislar tomonidan yuqori baholanib, yoshlarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishi va salohiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Ushbu taqdimot adabiyot ixlosmandlari uchun nafaqat yangi asar bilan tanishish, balki uning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, muallif ijodiga yangicha nigoh bilan qarash imkonini berdi. Eng muhimi, bunday tadbirlar yosh avlod qalbida kitobga muhabbat uyg‘otish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishda muhim o‘rin tutadi.