
Universitetimizda Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlari talaba-yoshlar hayotida yana bir yorqin sahifa sifatida muhrlandi. Ayniqsa, ko‘pchilik intiqlik bilan kutadigan “Quvnoqlar va zukkolar” (QVZ) ko‘rik-tanlovi bo‘yicha o‘tkazilgan “Rektor kubogi” turniri bayramga alohida shukuh bag‘ishladi.
Turli fakultetlardan shakllangan jamoalar sahnaga ko‘tarilib, nafaqat o‘zaro bellashdilar, balki o‘zlarining ijodiy yondashuvi, sahna madaniyati va topqir hazillari bilan tomoshabinlar qalbidan joy oldilar. Har bir chiqish bugungi kun yoshlari hayoti, ularning orzu-intilishlari, jamiyatdagi o‘rni va faolligini o‘zida aks ettirdi.
Tanlov davomida jamoalar tomonidan taqdim etilgan badiiy, musiqiy va yumoristik sahna ko‘rinishlari alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ular orqali yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, davlat siyosati darajasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi loyihalar jonli va ta’sirchan tarzda yoritib berildi. Ayniqsa, fakultet hayotiga yoshlar bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish borasidagi yondashuvlar ijodiy talqinlarda o‘z ifodasini topdi.

Tadbir nafaqat ko‘ngilochar ruhda, balki ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etgani bilan ham ajralib turdi. U talaba-yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamoaviylikni mustahkamlash hamda yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim platformaga aylandi.
Tanlov chiqishlari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat kengashi raisi A. Anvarov boshchiligidagi hakamlar hay’ati tomonidan Nizom asosida xolis baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Sport faoliyati fakultetining “Nagdaun” jamoasi
2-o‘rin — Iqtisodiyot fakultetining “Iqtisodchilar” jamoasi
3-o‘rin – Fizika va matematika fakultetining “Xonimlar va janoblar”
4-o‘rin — Tarix fakultetining “Ko‘hinur” jamoasi
5-o‘rin — Filologiya fakultetining “Oydan tushganlar” jamoasi
G‘olib va sovrindor jamoalar quyidagi pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:
1-o‘rin — 10 000 000 so‘m
2-o‘rin — 7 000 000 so‘m
3-o‘rin — 5 000 000 so‘m
4-o‘rin — 4 000 000 so‘m
5-o‘rin — 3 000 000 so‘m
“Rektor kubogi” turniri yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, bugungi yoshlar nafaqat bilimli, balki ijodkor, tashabbuskor va yurt ravnaqi uchun befarq bo‘lmagan avloddir. Bunday tadbirlar esa ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi marralar sari ilhomlantirishda muhim o‘rin tutadi.