
Farg‘ona davlat universiteti ilmiy salohiyati yana bir muhim yutuq bilan boyidi. Universitetning tayanch doktoranti Madraximov Ablazbek Erkinjon o‘g‘li geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdi.
Uning “Geografik nomlarning ekologik funksiyasini mintaqaviy xususiyatlari (O‘zbekiston Respublikasi misolida)” mavzusidagi dissertatsiya ishi bugungi kunda dolzarb bo‘lgan ekologiya va geografiya kesishgan nuqtalarda olib borilgan chuqur ilmiy tadqiqot sifatida e’tirof etildi. Mazkur ishda geografik nomlarning (toponimlarning) nafaqat tarixiy va madaniy ahamiyati, balki ularning ekologik jarayonlar bilan uzviy bog‘liqligi, hududiy xususiyatlari va atrof-muhitni anglashdagi o‘rni keng yoritilgan.
Dissertatsiya himoyasi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.Gr.09.11 raqamli Ilmiy kengashda bo‘lib o‘tdi. Himoya jarayoni yuqori ilmiy saviyada tashkil etilib, tadqiqot natijalari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Yakunda ilmiy kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan dissertatsiya muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Mazkur yutuq nafaqat izlanuvchining shaxsiy ilmiy muvaffaqiyati, balki Farg‘ona davlat universiteti ilmiy maktabining rivojlanib borayotganini ham yaqqol namoyon etadi. Tadqiqot natijalari kelgusida ekologik siyosatni shakllantirish, hududiy rejalashtirish hamda geografik nomlardan samarali foydalanish yo‘nalishlarida muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.