
Farg‘ona davlat universitetida ilmiy izlanishlar samarasi yana bir muhim yutuq bilan boyidi. Universitet tayanch doktoranti Muxitdinov Ilhomjon Ixtiyorjon o‘g‘li geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdi.
Uning “Jinoyatchilikning hududiy tarqalishiga ta’sir etuvchi geografik omillar tahlili (Farg‘ona viloyati misolida)” mavzusidagi dissertatsiya ishi zamonaviy geografiya fanida dolzarb yo‘nalishlardan biri — ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning hududiy xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda jinoyatchilik darajasi va uning makon bo‘yicha taqsimlanishiga ta’sir qiluvchi omillar chuqur ilmiy asosda tahlil qilingan. Xususan, aholi zichligi, urbanizatsiya darajasi, ijtimoiy infratuzilma, iqtisodiy sharoitlar hamda hududiy tafovutlarning jinoyatchilikka ta’siri kompleks yondashuv asosida o‘rganilgan.
Mazkur ilmiy ish Farg‘ona viloyati misolida olib borilgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalari hududlarda jinoyatchilikning oldini olish, xavfsizlikni ta’minlash va samarali hududiy siyosat yuritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Dissertatsiya himoyasi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.Gr.09.11 raqamli Ilmiy kengashda yuqori saviyada tashkil etildi. Ilmiy jamoatchilik vakillari tomonidan tadqiqot natijalari ijobiy baholanib, yakunda ilmiy kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan dissertatsiya muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Ushbu muvaffaqiyat nafaqat yosh olimning ilmiy salohiyatini, balki Farg‘ona davlat universitetida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining yuksak darajada ekanini ham yana bir ifodasidir.