
Yoshlar kuni munosabati bilan Marg‘ilon shahrida joylashgan Burhoniddin Marg'inoniy majmuasi hududidagi zamonaviy mahalla yoshlar kutubxonasida iqtidorli yoshlarni e’tirof etishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur maskan nafaqat bilim maskani, balki yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim markazga aylangan.
Tadbir davomida Farg‘ona viloyatining turli sohalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan, o‘zining bilimga chanqoqligi, tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan yoshlar munosib taqdirlandi. Xususan, Farg‘ona davlat universitetining 4 nafar iqtidorli talaba yoshlari Prezident sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.


Mazkur e’tirof yoshlarning izlanishlari, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi hamda yurt ravnaqi yo‘lidagi fidokorona sa’y-harakatlariga berilgan yuksak baho sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va munosib rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, xususan, zamonaviy kutubxonalar faoliyati, innovatsion ta’lim muhitining shakllanishi hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, bunday maskanlar yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirib, ularni yangi marralar sari ilhomlantiradi.
Shubhasiz, bugungi e’tirof yoshlarga berilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir. Bu esa o‘z navbatida, kelajakda yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadrlarning shakllanishiga mustahkam zamin yaratadi.