

Farg‘ona davlat universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va davra suhbatlari izchil davom etmoqda. Ana shunday mazmunli tadbirlardan biri tarix fakultetining ijtimoiy ish ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirokida “Oilalar mustahkamligini kafolatlaylik” mavzusida tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ziyodbek Yunusov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudi tergov sudyasi Xislatbek Qo‘qonboyev, “Adolat” SDP siyosiy kengashi bosh mutaxassisi Hasanboy Husanov hamda partiyaning Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Bunyodjon Ahmadaliyev ishtirok etdilar.

Tadbir davomida oilaning jamiyatdagi o‘rni, uni mustahkamlashning huquqiy va ijtimoiy asoslari, yoshlarning oilaviy hayotga tayyorgarligi kabi dolzarb masalalar keng muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan oila institutini mustahkamlashda qonunchilikning ahamiyati, nizolarni oldini olish mexanizmlari hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Uchrashuv interaktiv ruhda o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutaxassislardan batafsil javob oldilar. Ayniqsa, huquqiy savodxonlikni oshirish, ijtimoiy muammolarga ongli yondashuvni shakllantirish hamda kelajak kasbiy faoliyatda zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bu kabi uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni jamiyatdagi muhim jarayonlarga faol jalb etish hamda mas’uliyatli va yetuk shaxs sifatida shakllanishida muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tadbir yoshlar va amaliyot vakillari o‘rtasida samarali muloqot maydonini yaratib, kelgusida ham bu kabi uchrashuvlarni muntazam tashkil etish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.