

Farg‘ona davlat universitetida Yoshlar kuni munosabati bilan “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari o‘rtasida viloyat bosqichi musobaqalariga tantanali start berildi. Ushbu musobaqa yoshlarning favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni jismonan chiniqtirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Musobaqa Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmasi, viloyat sport boshqarmasi hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi. Unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan saralab olingan eng faol va tayyorlangan jamoalar ishtirok etmoqda.
Musobaqa 5 bosqichdan iborat bo‘lib, har bir yo‘nalish ishtirokchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini har tomonlama sinovdan o‘tkazadi.
Birinchi bosqich – nazariy bilimlar sinovi
Ishtirokchilar favqulodda vaziyatlar, fuqaro muhofazasi, xavfsizlik qoidalari bo‘yicha savollarga javob berib, o‘z bilimlarini namoyish etdilar.
Ikkinchi bosqich – birinchi yordam ko‘rsatish
Jamoalar turli sharoitlarda jabrlanganlarga tez va to‘g‘ri birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar.
Uchinchi bosqich – amaliy tayyorgarlik
Ishtirokchilar maxsus arqon va anjomlar yordamida murakkab to‘siqlardan o‘tish, “daryodan o‘tish”, palatka tiklash kabi vazifalarni bajarib, o‘zlarining jismoniy va texnik tayyorgarlik darajasini ko‘rsatdilar.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, bu kabi tadbirlar yoshlarning jamoaviy ishlash, liderlik va mas’uliyat hissini oshirishga xizmat qiladi.