Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 514
  • Ko`rib chiqilganlar 481
    • Takliflar 61
    • Arizalar 402
    • Shikoyatlar 51
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

​WORKSHOP VA MEHNAT YARMARKASI: YOSHLAR UCHUN YANGI IMKONIYATLAR

09:59, 02.05.2026      

Fargʻona davlat universitetining Ingliz tili va adabiyoti fakultetida o‘tkazilgan Workshop va Mehnat yarmarkasi (Karyera kuni) talaba-yoshlar hayotida muhim voqealardan biri sifatida yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda va samarali tarzda tashkil etildi. Mazkur tadbir nafaqat bilim va tajriba almashish, balki talabalar va ish beruvchilar o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratishga xizmat qildi.

Tadbir davomida turli tashkilot va muassasalardan tashrif buyurgan mutaxassislar, HR menejerlar hamda soha vakillari ishtirok etib, bitiruvchi talabalar bilan bevosita muloqot olib bordilar. Ushbu uchrashuvlar samimiy va ochiq ruhda o‘tib, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi, mehnat bozori talablari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mehnat yarmarkasi jarayonida ishtirokchi tashkilotlar o‘z faoliyati, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari hamda karyera rivoji uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimotlar o‘tkazdilar. Talabalar esa o‘z navbatida rezyumelarini topshirish, ish beruvchilar bilan individual suhbatlar o‘tkazish va ilk professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu esa ularning kelajakdagi ish faoliyatini rejalashtirishda muhim qadam bo‘ldi.

Workshop qismi esa yanada interaktiv ruhda o‘tib, unda zamonaviy ish bozori talablari, muvaffaqiyatli karyera qurish yo‘llari, samarali kommunikatsiya va shaxsiy brend yaratish kabi dolzarb mavzular yoritildi. Mutaxassislar tomonidan berilgan amaliy tavsiyalar talabalarga o‘z ustida ishlash, raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishish uchun katta turtki berdi.

Mazkur tadbir talabalarning kasbiy yo‘nalishini aniqlash, ularning ish beruvchilar bilan bevosita aloqalarini mustahkamlash hamda kelajak imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Eng asosiysi, bu kabi uchrashuvlar yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib, ularni katta hayotga dadil qadam qo‘yishga undaydi.

Fakultet jamoasi ushbu tadbirda ishtirok etgan barcha tashkilot vakillariga, mehmonlarga hamda faol qatnashgan talabalarimizga samimiy minnatdorchilik bildiradi. Kelgusida ham bu kabi foydali va ilhomlantiruvchi loyihalar davom etishiga ishonch bildiramiz.