

Farg‘ona davlat universitetida navbatdagi 9-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet hayoti, ta’lim sifati, ilmiy faoliyat hamda yoshlar va sport sohasiga oid qator dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishning eng quvonchli lahzalaridan biri taqdirlash marosimi bo‘ldi. Fan va sport yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh iqtidorli talabalar Kengash a’zolari tomonidan e’tirof etilib, samimiy olqishlarga sazovor bo‘ldi. Bu e’tirof yoshlarning bilim olish, ilmiy izlanish va sportdagi yutuqlarga intilishlarini yanada rag‘batlantirishi shubhasiz.


Kengash raisi Bahodirjon Shermuhammadov ilmiy yutuqlarga erishgan tadqiqotchilarni samimiy tabriklab, ularning kelgusidagi ilmiy faoliyatida ham ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Ta’kidlanganidek, bu yutuqlar universitet professor-o‘qituvchilari va ilmiy rahbarlarning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan salmoqli hissasining yorqin namunasidir.


Shuningdek, yig‘ilish davomida mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlar, xususan Farg‘ona viloyatiga amalga oshirilgan tashrif davomida ilgari surilgan vazifalar ijrosi tahlil qilindi. Universitet jamoasi oldida turgan dolzarb masalalar, jumladan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Kengashda bitiruvchi talabalarning yakuniy davlat attestatsiyasiga tayyorgarlik masalasi ham alohida muhokama qilinib, jarayonni sifatli tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Bu esa bitiruvchilarning yakuniy sinovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ilmiy salohiyatni oshirish masalalari ham kun tartibidan muhim o‘rin oldi. Professor-o‘qituvchilarning Scopus bazasidagi nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish faolligi tahlil qilinib, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda universitetda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va ijtimoiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham sarhisob qilindi. Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan tizimli ishlar ta’lim muassasasida ijtimoiy muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Kengash yakunida dissertatsiya mavzularini tasdiqlash, ilmiy unvonlarga tavsiya etish, yangi o‘quv va ilmiy adabiyotlarni nashrga tayyorlash kabi qator tashkiliy masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mazkur Kengash yig‘ilishi Farg‘ona davlat universitetida ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosatini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganini, shuningdek, iqtidorli talabalar va olimlarni qo‘llab-quvvatlash universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor namoyon etdi.