
Farg‘ona davlat universitetida ilm-fan rivoji va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida muhim voqealardan biri bo‘lib o‘tgan navbatdagi dissertatsiya himoyasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Universitetning Tarix fakulteti, O‘zbekiston tarixi kafedrasi o‘qituvchisi Raxmonov G‘olib Axmadjonovich tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etgan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ilmiy kengash yig‘ilishida tadqiqotchining 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Farg‘ona vodiysida suv xo‘jaligi tizimining modernizatsiya tarixi (1991–2018-yillar)” mavzusidagi ilmiy ishi ko‘rib chiqildi. Mazkur tadqiqot mustaqillik yillarida Farg‘ona vodiysida suv xo‘jaligi tizimining rivojlanish jarayonlari, amalga oshirilgan islohotlar, modernizatsiya bosqichlari hamda ushbu sohaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rnini chuqur tahlil etishi bilan ahamiyatlidir.
Dissertatsiya himoyasi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengash majlisida yuqori ilmiy saviyada o‘tkazildi. Tadqiqotchi o‘z ilmiy ishining dolzarbligi, yangiligi va amaliy ahamiyatini asoslab berib, ilmiy kengash a’zolari tomonidan bildirilgan savollarga batafsil javob qaytardi.
Yakunda ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya ishi yuksak baholanib, 100 foiz ovoz bilan muvaffaqiyatli himoya qilingani e’lon qilindi. Bu natija tadqiqotchining uzoq yillik izlanishlari, ilmiy mehnati va tarix faniga qo‘shgan hissasining yuksak e’tirofi bo‘ldi.
Mazkur ilmiy yutuq nafaqat muallifning shaxsiy muvaffaqiyati, balki universitet ilmiy salohiyatining ortib borayotganini ko‘rsatuvchi muhim ko‘rsatkichdir. Ayniqsa, mintaqa tarixining dolzarb masalalarini o‘rganishga bag‘ishlangan bunday tadqiqotlar milliy tarixshunoslik rivojida muhim o‘rin tutadi.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi Raxmonov G‘olib Axmadjonovichni ushbu yuksak ilmiy muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi.