
Farg‘ona davlat universitetiga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Mamasiddiqov Muzaffarjon Musajonovich tashrif buyurdi. Ushbu tashrif ikki ta’lim va ilmiy muassasa o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tashrif davomida mehmon universitetning Huquqshunoslik fakultetida yaratilgan zamonaviy o‘quv sharoitlari, auditoriyalar, ilmiy-amaliy markazlar hamda talabalarning bilim olishi uchun yaratilgan qulay muhit bilan yaqindan tanishdi. Fakultetda amalga oshirilayotgan ta’lim jarayonlari, innovatsion yondashuvlar va yoshlarni zamonaviy bilimlar asosida tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mehmon tomonidan yuqori baholandi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va amaliy tajriba almashinuvi sohalaridagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, yuridik ta’lim yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy seminar va qo‘shma loyihalarni tashkil etish bo‘yicha kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur tashrifning muhim natijasi sifatida Farg‘ona davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Anglashuv memorandumi” imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Imzolangan memorandum kelgusida qo‘shma konferensiyalar, ilmiy tadqiqotlar, amaliy mashg‘ulotlar va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish imkonini yaratadi. Ayniqsa, favqulodda vaziyatlar va huquqiy xavfsizlik sohalarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning kengayishi ikki muassasa uchun ham katta istiqbollarni ochadi.
Mazkur uchrashuv Farg‘ona davlat universitetining xalqaro va respublika miqyosidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam sifatida e’tirof etiladi.