
Farg‘ona davlat universiteti Huquqshunoslik fakultetida talabalar ishtirokida iqtisodiy protsessual huquq faniga bag‘ishlangan sahnalashtirilgan sud muhokamasi tashkil etildi. Mazkur amaliy mashg‘ulot yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularni real sud jarayonlariga yaqin sharoitda kasbiy ko‘nikmalar bilan boyitish maqsadida o‘tkazildi.
U. Qurbonova tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda talabalar iqtisodiy sud ishlarini yuritish tartibini amaliy tarzda namoyish etishdi. Mashg‘ulot davomida ishtirokchilar sudya, da’vogar, javobgar, advokat, kotib va boshqa protsess ishtirokchilari rolini ijro etib, sud muhokamasining barcha bosqichlarini jonli tarzda sahnalashtirdi.

Sahnalashtirilgan sud jarayoni davomida talabalar iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish, da’vo arizasini ko‘rib chiqish tartibi, dalillarni taqdim etish, taraflarning huquq va majburiyatlari hamda sud qarorini chiqarish bosqichlarini amalda bajarishdi. Bu esa ularning auditoriyada olingan nazariy bilimlarini real huquqiy vaziyatlar bilan bog‘lashga xizmat qildi.
Tadbirning ahamiyatli jihati shundaki, talabalar nafaqat huquqiy me’yorlarni o‘rganish, balki sud muhokamasida nutq so‘zlash, huquqiy hujjatlar bilan ishlash, mantiqiy fikrlash va protsessual tartiblarga amal qilish bo‘yicha ham qimmatli tajriba orttirdilar. Bunday amaliy mashg‘ulotlar bo‘lajak huquqshunoslarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilayotgan bunday innovatsion ta’lim jarayonlari talabalarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos, yuqori malakali va amaliy tajribaga ega mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qilmoqda. Sahnalashtirilgan sud muhokamasi esa huquq ta’limida nazariya va amaliyot uyg‘unligining yorqin namunasi bo‘ldi.