

Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakulteti Rus filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Sabirov Nemat Kazakbayevich xalqaro ilmiy maydonda muhim yutuqqa erishdi. U Qozon Federal Universiteti Rus adabiyoti kafedrasida mustaqil tadqiqotchi sifatida olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ilmiy tadqiqot 5.9.1 – Rus adabiyoti va Rossiya Federatsiyasi xalqlari adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha amalga oshirilib, “Репрезентация Средней Азии в русских путевых записках XVIII – начала XIX века” mavzusiga bag‘ishlandi. Mazkur dissertatsiyada XVIII asr va XIX asr boshlariga oid rus sayohatnomalarida Markaziy Osiyo obrazining aks etishi, tarixiy-madaniy tasvirlar hamda adabiy manbalardagi mintaqa talqini chuqur ilmiy tahlil etilgan.
Tadqiqot ishi Bekmetov Rinat Ferganovich ilmiy rahbarligida tayyorlangan bo‘lib, 2026-yil 30-aprel kuni Qozon Federal Universiteti huzuridagi QFU.059.1 FDAO TM dissertatsiya kengashida himoya qilindi. Himoya jarayonida ilmiy kengash a’zolari tadqiqotning dolzarbligi, ilmiy yangiligi va adabiyotshunoslikdagi ahamiyatini yuqori baholadilar.
E’tiborlisi, dissertatsiya ishi ilmiy kengash tomonidan bir ovozdan, 100 foiz qo‘llab-quvvatlanib, muvaffaqiyatli tasdiqlandi. Bu natija Sabirov Nemat Kazakbayevichning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari va xalqaro akademik hamkorlikdagi samarali faoliyatining yorqin e’tirofi bo‘ldi.
Mazkur yutuq Farg‘ona davlat universiteti ilmiy salohiyatining xalqaro miqyosda tobora ortib borayotganini namoyon etadi. Shuningdek, bu muvaffaqiyat universitet olimlarining xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikda olib borayotgan izlanishlari natijadorligini tasdiqlab, yosh tadqiqotchilar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.