
Farg‘ona davlat universiteti fizika-matematika fakultetida “Texnologik ta’limni modernizatsiya qilish” mavzusiga bag‘ishlangan I-Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Mazkur nufuzli anjuman ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun mahalliy va xorijiy olimlarni bir maydonga jamladi.

Konferensiyada nafaqat mamlakatimiz, balki Rossiya, Marokash, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari vakillari ishtirok etmoqda. Xalqaro ekspertlar va professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalari anjuman mazmunini yanada boyitib, ilmiy muloqot uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Konferensiyaning asosiy yo‘nalishlari bugungi kun ilm-fani va texnologik taraqqiyotining eng dolzarb sohalarini qamrab olmoqda. Jumladan, robototexnika va Sun’iy intellekt, nano-o‘lchamli materiallar, muqobil energiya manbalari hamda raqamli pedagogika integratsiyasi bo‘yicha zamonaviy ilmiy ishlanmalar taqdim etilmoqda. Ushbu mavzular ta’lim sifatini oshirish va texnologik sohalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Anjuman doirasida ilmiy sessiyalar sho‘balarga bo‘lingan holda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda yosh olimlar, magistrantlar va tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etib, qizg‘in bahs-munozaralarda qatnashmoqdalar. Bu esa ilmiy tajriba almashish, yangi g‘oyalarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mazkur xalqaro konferensiya Farg‘ona davlat universitetining ilmiy salohiyatini namoyon etish, global ilmiy hamjamiyat bilan integratsiyani kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Anjuman davomida ilgari surilayotgan ilmiy g‘oyalar va innovatsion yondashuvlar kelgusida ta’lim va texnologiya sohalarining rivojiga sezilarli hissa qo‘shishi kutilmoqda.