Yoshlar kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyatida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida o‘tkazilgan navbatdagi “Zakovat intellektual o‘yini”da Farg‘ona davlat universiteti talabalari yuksak natija qayd etib, 12 ta jamoa orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Mazkur intellektual bellashuv haftaning har payshanba kuni viloyatning turli hududlarida o‘tkazilib, yoshlarning bilim darajasi, mantiqiy fikrlashi va tezkor tafakkurini sinovdan o‘tkazishga xizmat qilmoqda. Navbatdagi musobaqa Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida tashkil etilib, unda turli oliy ta’lim muassasalari va yoshlar jamoalaridan iborat 12 ta jamoa ishtirok etdi.
Keskin va qiziqarli bahslar ruhida o‘tgan bellashuvda Farg‘ona davlat universiteti talabalari o‘zlarining keng qamrovli bilimlari, topqirligi va jamoaviy hamjihatligi bilan ajralib turib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu muvaffaqiyat universitet yoshlari orasida intellektual salohiyat va bilimga intilish yuqori darajada ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir doirasida Xayrullo Bozorov “Zakovat” ishtirokchilari bilan uchrashib, yoshlarning bilim va salohiyatini yuqori baholadi. U o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda intellektual avlodning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.
Viloyat rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar yoshlarni yanada bilimli, tashabbuskor va vatan taraqqiyotiga daxldor bo‘lishga ruhlantirdi. Farg‘ona davlat universiteti talabalari erishgan ushbu g‘alaba nafaqat universitet jamoasi, balki butun viloyat yoshlari uchun faxr va ilhom manbai bo‘ldi.