
Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari xalqaro akademik hamkorlik yo‘nalishida navbatdagi muhim bosqichni amalga oshirmoqda. Universitet vakillaridan iborat delegatsiya dunyo reytingida TOP-1000 talikda joylashgan Baku davlat universitetida ilmiy va pedagogik faoliyat olib borib, dars mashg‘ulotlari o‘tkazish, talabalar bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda tajriba almashish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.


Mazkur tashrif davomida o‘qituvchilar zamonaviy ta’lim texnologiyalari, innovatsion yondashuvlar hamda xalqaro akademik standartlar asosida dars berish amaliyotini bevosita o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Talabalar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar esa ikki tomonlama bilim almashinuvi va madaniy-ilmiy integratsiyani yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, delegatsiya Ozarbayjonda yangi hamkor sifatida tanlangan oliy ta’lim muassasasi bilan ham akademik muloqotlar olib bordi. Uchrashuvlar davomida kelgusida amalga oshiriladigan qo‘shma ta’limiy dasturlar, ilmiy-tadqiqot loyihalari, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, fan va ta’lim integratsiyasini chuqurlashtirish hamda xalqaro ilmiy makonda qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Bu esa ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasining ushbu xalqaro faoliyati universitetning global akademik maydondagi nufuzini yanada oshirib, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.