
Farg‘ona davlat universitetida xalqaro akademik hamkorlik aloqalari yanada kengaymoqda. Shu doirada Tojikiston texnologik universitetining Isfara filiali professor-o‘qituvchilari va talabalardan iborat delegatsiya stajirovka hamda tajriba almashish maqsadida Farg‘ona davlat universitetining Fizika-matematika fakultetiga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash, o‘quv jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida tajriba almashinuvini rivojlantirishga xizmat qildi. Delegatsiya a’zolari fakultetda yaratilgan ilmiy muhit, laboratoriya imkoniyatlari va ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv davomida mehmonlarga fizika va matematika yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda o‘quv jarayonining tashkil etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqish va akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqot va seminarlar talabalar uchun ham katta ahamiyat kasb etdi. Ular xalqaro tajribaga ega professor-o‘qituvchilardan zamonaviy ta’lim yondashuvlari, ilmiy tadqiqot olib borish metodikasi hamda fanlararo integratsiya haqida foydali bilim va tavsiyalar oldilar.
Mazkur tashrif Farg‘ona davlat universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasi kengayib borayotganini, ilm-fan va ta’lim sohasida mintaqaviy integratsiya jarayonlari jadallashayotganini yana bir bor tasdiqladi. Kelgusida bunday almashinuv dasturlari ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy va akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.