Farg‘ona davlat universiteti ilmiy jamoasi uchun quvonchli yangilik — universitetning Milliy g‘oya kafedrasi mudiri Tolipov Baxtiyor Xamitovich ilmiy faoliyatida muhim yutuqqa erishdi. U Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.F.08.02 raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida fan doktori (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mazkur himoya 09.00.04 — Ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo‘yicha bo‘lib, olimning “Yangi O‘zbekistonda yoshlar iqtisodiy faolligini sog‘lom raqobat madaniyati asosida rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy omillari” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti yuqori baholandi. Ushbu mavzu bugungi islohotlar jarayonida yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni zamonaviy bozor munosabatlariga mos ravishda tarbiyalash hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish masalalarini qamrab olgani bilan alohida dolzarblik kasb etadi.
Ilmiy ishda yangi O‘zbekistonda yoshlar iqtisodiy faolligini rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy asoslari, raqobat madaniyatining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda yosh avlodning iqtisodiy tafakkurini shakllantirishga ta’sir etuvchi omillar chuqur tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari yoshlar siyosati, ta’lim va iqtisodiy islohotlar kesishmasida muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Himoya jarayonida ilmiy kengash a’zolari tadqiqotning nazariy asoslari, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini yuqori baholab, muallifning olib borgan izlanishlarini e’tirof etdilar. Shuningdek, tadqiqotda yoshlar iqtisodiy faolligini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan taklif va tavsiyalar zamonaviy jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ilmiy xulosalar sifatida qayd etildi.