
Farg‘ona davlat universitetining Filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish maqsadida Qozog‘istondagi nufuzli M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida bo‘lib turibdilar. Dunyoning TOP 1000 taligiga kiruvchi ushbu oliy ta’lim muassasasiga amalga oshirilgan tashrif universitetning xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur tashrif doirasida Farg‘ona davlat universiteti vakillari o‘z mutaxassislik yo‘nalishlariga mos ravishda bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalariga o‘quv mashg‘ulotlari olib borib, zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida bilim ulashmoqda. Shu bilan birga, mezbon universitet professor-o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar tashkil etilib, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ilg‘or tajribalar almashilmoqda.

Seminarlar davomida filologiya sohasidagi zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, til va adabiyot o‘qitishning innovatsion metodlari, shuningdek, xalqaro ta’lim tizimidagi ilg‘or amaliyotlar muhokama qilinmoqda. Bu jarayon ikki universitet olimlari o‘rtasida ilmiy muloqotni kuchaytirib, tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Safar davomida universitet vakillari ta’limga investitsiya jalb qilish va ta’lim eksportini kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Uchrashuvlar chog‘ida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yish, ustoz-shogird tizimini rivojlantirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilmoqda.
Shuningdek, tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Ayniqsa, filologiya yo‘nalishida xalqaro ilmiy izlanishlar olib borish, qo‘shma konferensiyalar tashkil etish va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish borasida aniq istiqbolli rejalar belgilab olinmoqda.