

Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari xalqaro akademik hamkorlik doirasida navbatdagi nufuzli tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘lib turibdi. Universitetning boshlang‘ich ta’lim uslubiyoti kafedrasi vakillari — katta o‘qituvchilar Y. Egamberdiyeva, D. Rustamova hamda o‘qituvchi N. Olimova xalqaro reyting bazalarida yuqori o‘ringa ega Abai Kazakh National Pedagogical Universityda pedagogik tajriba almashinuvi jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.

Ushbu tashrif doirasida Farg‘ona davlat universiteti vakillari 6B01301 – Boshlang‘ich ta’lim bakalavriat yo‘nalishi talabalariga dars mashg‘ulotlarini olib borib, o‘zlarining ilg‘or pedagogik tajribalarini xalqaro auditoriya bilan bo‘lishmoqda. Bu esa ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-pedagogik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tashrif davomida professor-o‘qituvchilar zamonaviy ta’lim metodikasi, boshlang‘ich ta’limda innovatsion yondashuvlar hamda pedagogik texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib bormoqda. Ayniqsa, interfaol metodlar, raqamli ta’lim vositalari va zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha tajriba almashinuvi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinmoqda.
Shuningdek, delegatsiya xalqaro konferensiyada ham ishtirok etib, ta’lim tizimini rivojlantirish, boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirish hamda o‘qituvchi tayyorlashdagi innovatsion yondashuvlar yuzasidan ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashmoqda. Mazkur konferensiya ilmiy muloqot, tajriba almashish va yangi hamkorlik istiqbollarini belgilash uchun muhim platformaga aylandi.
Ushbu xalqaro tashrif nafaqat professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, balki Farg‘ona davlat universitetining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Akademik hamkorlikning bunday shakllari zamonaviy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy izlanishlarni kengaytirish va yosh avlodni ilg‘or xalqaro tajribalar asosida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.