

Farg‘ona davlat universitetida ilm-fan va tarixiy merosni chuqur o‘rganishga qaratilgan yana bir nufuzli anjuman bo‘lib o‘tdi. Universitetning Tarix fakulteti tomonidan “Markaziy Osiyo tarixshunosligi va manbashunosligining dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi tashkil etildi.
Mazkur anjuman tarixshunoslik va manbashunoslik sohasida salmoqli ilmiy meros qoldirgan taniqli olim Rahmatjon Arslonzoda xotirasiga bag‘ishlanib, ilmiy jamoatchilik uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Konferensiya davomida Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishdagi zamonaviy yondashuvlar, tarixiy manbalarni tahlil qilish usullari hamda sohada dolzarb bo‘lib turgan ilmiy muammolar yuzasidan qizg‘in fikr almashildi.


Tadbirda Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Toshkent ijtimoiy innovatsiya universiteti tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) S. Qo‘ldoshev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti Abdullajon Usmonov hamda tarix fakulteti talabalari faol ishtirok etdilar. Ularning ma’ruzalari tarixshunoslik va manbashunoslikka oid yangi ilmiy qarashlar, zamonaviy tadqiqot metodlari hamda tarixiy manbalarni ilmiy muomalaga kiritish masalalarini yoritdi.
Konferensiya yosh tadqiqotchilar uchun ham katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi. Talabalar ilmiy ma’ruzalarni tinglash, mutaxassislar bilan muloqot qilish va tarix fanining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa ularning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Tadbir yakunida tarixshunoslik va manbashunoslik sohasida yechimini kutayotgan muammolar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Mazkur ilmiy-nazariy konferensiya Farg‘ona davlat universitetining tarix fanini rivojlantirish, ilmiy maktablarni mustahkamlash va yosh avlodni tarixiy tafakkur ruhida tarbiyalash borasidagi sa’y-harakatlarining yana bir yorqin namunasiga aylandi.