
Farg‘ona davlat universitetining Fizika-matematika fakultetida yoshlarning kasbiy rivojlanishi va bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim uchrashuv tashkil etildi. “Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi: muammo va navbatdagi vazifalar” mavzusida o‘tkazilgan tadbir talabalar, yosh mutaxassislar hamda ish beruvchilar o‘rtasida samarali muloqot maydoniga aylandi.

Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi oliy ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, talabalarni mehnat bozori ehtiyojlariga mos ravishda tayyorlash hamda bitiruvchilarni kelajakdagi kasbiy faoliyatga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida ishtirokchilar ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va zamonaviy kasblar bozoridagi talablarni chuqur tahlil qildilar.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatidagi qator davlat tashkilotlari, bank-moliya muassasalari, axborot texnologiyalari markazlari, xususiy maktablar, robototexnika o‘quv markazlari hamda ishlab chiqarish korxonalari vakillari ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar. Bu esa yoshlar uchun o‘z mutaxassisligi bo‘yicha real ish muhiti va kelajakdagi faoliyat yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdi.

Tadbir davomida mutaxassislar mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari, zamonaviy kasblarga qo‘yilayotgan malaka talablari hamda IT va innovatsion texnologiyalar sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar, dasturlash, sun’iy intellekt va robototexnika kabi yo‘nalishlarga qiziqish bildirgan talabalar uchun muhim tavsiyalar taqdim etildi.
Shuningdek, uchrashuv interaktiv ruhda o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sohaga oid mutaxassislardan bevosita javob olishdi. Bu muloqot yoshlarning kasb tanlashdagi qarashlarini yanada boyitib, ularni mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lishga undadi.
Mazkur tadbir Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini oshirish, ishlab chiqarish bilan hamkorlikni mustahkamlash va talabalarni kelajak kasblariga tayyorlash borasidagi izchil sa’y-harakatlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning bandligini ta’minlash, amaliy tajribasini oshirish va zamonaviy mehnat bozoriga mos kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.