
Farg‘ona davlat universitetida ilm-fan sohasidagi yutuqlar va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan izchil ishlar o‘z samarasini bermoqda. Universitetning Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti Boshlang‘ich ta’lim uslubiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Sodikova Gulbaxor G‘ofurjon qizi pedagogika yo‘nalishida olib borgan ilmiy izlanishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yo‘lida muhim bosqichni zabt etdi.
U “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining nutqiy faoliyatida ko‘p ma’noli so‘zlardan foydalanish kompetentligini shakllantirish metodikasi (ona tili va o‘qish savodxonligi fanlari misolida)” mavzusidagi dissertatsiyasini 2026-yil 16-may kuni muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur ilmiy ish 13.00.02 — Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (boshlang‘ich ta’lim) ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan bo‘lib, boshlang‘ich ta’lim jarayonida o‘quvchilarning nutqiy kompetentligini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqot sifatida e’tirof etildi.
Dissertatsiya himoyasi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi pedagogika fanlari bo‘yicha Ilmiy kengashda bo‘lib o‘tdi. PhD.03/2025.27.12.Ped.10.03 raqamli Ilmiy kengash a’zolari tadqiqot ishining ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati va ta’lim tizimiga tatbiq etish imkoniyatlarini yuqori baholab, yakdil qaror bilan 100 foiz ovoz asosida dissertatsiyani muvaffaqiyatli deb topdilar.
Tadqiqotda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining nutqiy faoliyatida ko‘p ma’noli so‘zlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish metodikasi chuqur tahlil qilinib, ona tili va o‘qish savodxonligi fanlari misolida yangi pedagogik yondashuvlar ishlab chiqilgan. Ushbu ilmiy ish nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliyotda boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim tavsiyalarni o‘z ichiga olgani bilan ham ahamiyatlidir.
Mazkur muvaffaqiyat universitet ilmiy jamoasi, professor-o‘qituvchilari va yosh tadqiqotchilar uchun yana bir quvonchli voqea bo‘ldi. FarDUda ilmiy izlanishlarga keng sharoit yaratilayotgani, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlar natijasida bunday yutuqlar soni tobora ortib bormoqda.