Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 518
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 62
    • Arizalar 404
    • Shikoyatlar 52
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

FARDUDA AMALIY SUD JARAYONI: TALABALARDA EKOLOGIK HUQUQIY TAFAKKUR MUSTAHKAMLANMOQDA

16:21, 22.05.2026      

Farg‘ona davlat universitetining Huquqshunoslik fakultetida talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan navbatdagi muhim mashg‘ulot tashkil etildi. Yurisprudensiya yo‘nalishi 2-bosqich talabalari ishtirokida “Ekologiya huquqi” fani doirasida amaliy iqtisodiy sud majlisi o‘tkazilib, unda atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq huquqiy masalalar keng muhokama qilindi.

Mashg‘ulot fan o‘qituvchisi F. Nabiyev rahbarligida tashkil etilib, talabalarga real sud jarayonining borishini amaliy tarzda ko‘rsatish orqali ularning kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qildi. Sud majlisi shaklida o‘tkazilgan ushbu dars jarayonida talabalar sudya, da’vogar, javobgar, advokat va boshqa protsess ishtirokchilari rolida qatnashib, huquqiy vaziyatlarni tahlil qildilar.

Amaliy sud jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad — talabalarning ekologik huquq sohasidagi nazariy bilimlarini yanada mustahkamlash, ularni sud amaliyoti bilan yaqindan tanishtirish hamda huquqiy munosabatlarga mustaqil baho bera olish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Jarayon davomida ekologik qonunchilikka oid masalalar, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitga zarar yetkazish oqibatlari va buning uchun belgilangan huquqiy javobgarlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Talabalar tomonidan sud majlisining barcha bosqichlari puxta tayyorlangan holda namoyish etildi. Ishtirokchilar ish materiallarini tahlil qilish, huquqiy asoslarni keltirish va dalillarni muhokama qilish orqali o‘zlarining mantiqiy fikrlash, huquqiy tahlil va nutq madaniyati bo‘yicha salohiyatini namoyon etdilar. Bu esa ularning kelajakdagi professional faoliyatiga tayyorgarligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mazkur amaliy mashg‘ulot yoshlar ongida ekologik mas’uliyat va fuqarolik burchi tushunchalarini yanada mustahkamladi. Tabiatni asrash, ekologik muvozanatni saqlash va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish nafaqat huquqiy talab, balki har bir fuqaroning ma’naviy burchi ekani yana bir bor ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida belgilanganidek, “Har kim atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur.” Ushbu norma talabalarga amaliy misollar orqali tushuntirilib, ekologik madaniyatni shakllantirish va huquqiy ongni yuksaltirishga xizmat qildi.

FarDUda o‘tkazilayotgan bunday innovatsion va interaktiv mashg‘ulotlar talabalarning bilimini mustahkamlash, ularni kelajakdagi kasbiy faoliyatga puxta tayyorlash hamda jamiyat oldidagi mas’uliyat hissini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.