
Farg‘ona davlat universitetida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini belgilash hamda oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida “Karyera kuni” va “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari keng ko‘lamda tashkil etildi. “Bitiruvchi, seni yorqin kelajak kutmoqda. O‘zingga mos ish o‘rnini bugun tanla!” shiori ostida o‘tgan ushbu tadbir minglab yoshlarni bir maydonda jamladi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini alohida ta’kidladi. U yoshlar bugungi taraqqiyotning eng faol va salohiyatli kuchi ekanini qayd etib, ularning kelajagini to‘g‘ri rejalashtirishda bunday tadbirlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.


Mazkur loyiha doirasida universitetning 7 ming nafarga yaqin bitiruvchi talabalari o‘zlari uchun istiqbolli ish o‘rinlari va mehnat bozoridagi yangi imkoniyatlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Tadbirda respublika va viloyat miqyosidagi 80 dan ortiq yetakchi ish beruvchi tashkilotlar, korxona va muassasalar ishtirok etib, bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari va yosh mutaxassislar uchun taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” doirasida 4 ming nafarga yaqin umumta’lim maktablari bitiruvchilari universitet hayoti, ta’lim jarayoni, fakultetlar faoliyati hamda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ular uchun fakultetlar bo‘ylab ekskursiyalar, professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuvlar va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil taqdimotlar tashkil etildi. Bu esa maktab bitiruvchilariga o‘z kelajak kasbini tanlash va ta’lim yo‘nalishini aniq belgilab olishda muhim yo‘l-yo‘riq bo‘ldi.
Tadbir davomida bitiruvchi talabalar va ish beruvchilar o‘rtasida bevosita muloqotlar, suhbatlar hamda uchrashuvlar o‘tkazildi. Yoshlar o‘z mutaxassisligiga mos ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari va kelajakdagi kasbiy rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, amaliyot va ishga joylashish masalalarida berilgan tavsiyalar yoshlar uchun katta ahamiyat kasb etdi.

FarDUda tashkil etilgan “Karyera kuni” va “Ochiq eshiklar kuni” nafaqat bitiruvchilar, balki kelajakda oliy ta’limga qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Mazkur tashabbus yoshlarning kasb tanlashi, ta’limni davom ettirishi va kelajakdagi faoliyat yo‘nalishlarini belgilab olishida ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.