

Farg‘ona davlat universiteti mezbonligida o‘tkazilayotgan “Talabalar ligasi” Respublika bosqichi doirasida Qarshi shahri universiteti talabalari universitetga tashrif buyurdilar.
Mazkur tashrif sport musobaqalari bilan bir qatorda talaba-yoshlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, tajriba almashish va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Tashrif davomida mehmon talabalar universitetning Harbiy ta’lim fakulteti faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Ularga fakultetda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, o‘quv jarayonlari, harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari hamda kursantlarning nazariy va amaliy bilimlarni egallash tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalar maxsus o‘quv xonalari, harbiy texnik jihozlar va o‘q otish maydonlarini ko‘zdan kechirdilar. Harbiy ta’lim yo‘nalishidagi amaliy mashg‘ulotlar bilan yaqindan tanishgan yoshlar harbiy tayyorgarlik jarayonlari va zamonaviy ta’lim metodlariga katta qiziqish bildirdilar.

Tashrif davomida talabalar o‘rtasida samimiy muloqot, fikr almashinuvi va do‘stona muhit hukm surdi. Yoshlar sport, ta’lim va talabalar hayotiga oid taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, yangi do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydilar.
Bunday uchrashuv va tashriflar talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ular o‘rtasida hamjihatlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.