

Farg‘ona davlat universiteti Huquqshunoslik fakultetida bitiruvchi talabalar uchun “Workshop” va “Karyera kuni” tadbiri tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yoshlarning kelajakdagi kasbiy faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirish, ularni amaliyot va mehnat bozori talablari bilan yaqindan tanishtirish hamda salohiyatli ish beruvchilar bilan ochiq muloqot maydonini yaratishga xizmat qildi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati sudi, Farg‘ona viloyati Adliya boshqarmasi, Milliy bankning Farg‘ona filiali, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston Notarial palatasining hududiy vakillari hamda boshqa hamkor tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida mutaxassislar bugungi kunda huquqshunoslik yo‘nalishida mavjud imkoniyatlar, mehnat bozoridagi talablar, amaliy ko‘nikmalarning ahamiyati hamda muvaffaqiyatli karyera qurish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, yosh mutaxassis uchun zarur bo‘lgan liderlik, mas’uliyat, muloqot va professional etika kabi ko‘nikmalar xususida ham qimmatli tavsiyalar bildirildi.
Tadbirning eng muhim jihatlaridan biri talabalar va ish beruvchilar o‘rtasidagi ochiq muloqot muhiti bo‘ldi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, sud-huquq tizimi, advokatura, notariat, bank va davlat xizmatidagi faoliyat haqida amaliy tavsiyalar oldilar. Bu esa ularga kelajakdagi kasbiy yo‘nalishini aniq belgilashda muhim motivatsiya berdi.

“Workshop” va “Karyera kuni” doirasida tashkil etilgan bunday uchrashuvlar talaba-yoshlarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash hamda bandlik imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.