
Talabalar ligasi sport musobaqalarining final bosqichida ishtirok etayotgan talabalar uchun nafaqat sport bellashuvlari, balki yurtimizning boy tarixiy-ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham yaratildi.
Shu munosabat bilan yosh sportchilar Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasiga tashrif buyurib, majmuaning betakror me’moriy qiyofasi, tarixiy ahamiyati hamda ma’naviy muhitidan katta taassurot oldilar.



Tashrif davomida talabalarga buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning boy ilmiy merosi va bugungi avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Yoshlar majmuadagi muzey va ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, milliy qadriyatlarimiz va ajdodlarimizning bebaho merosiga bo‘lgan hurmat tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi.

Mazkur sayohat sport musobaqalari bilan bir qatorda talabalar o‘rtasida ichki turizmni rivojlantirish, yoshlarning tarixiy obidalar va muqaddas maskanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qildi.

Talabalar ta’kidlashicha, bunday ma’naviy-ma’rifiy tashriflar ularda yurtimiz tarixi va madaniyatiga nisbatan faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada kuchaytiradi.
Yoshlar kuni doirasida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar talaba-yoshlarning nafaqat jismoniy, balki ma’naviy kamolotida ham muhim o‘rin tutmoqda.