

Qo‘qon shahrida sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan “Silk Road Kokand” xalqaro yugurish musobaqasi, “Talaba-yugur” ommaviy yugurish musobaqasi hamda “Inson uchun” yugurish tadbirlari yuqori kayfiyat va katta qiziqish bilan tashkil etildi.
Mazkur nufuzli sport tadbirida Farg‘ona davlat universitetining Jismoniy madaniyat fakulteti talaba-yoshlari ham faol ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, matonati va sport mahoratini namoyon etdilar.
Ayniqsa, 3 kilometr masofaga yugurish bahslarida universitet talabalari yuqori natijalarni qayd etib, faxrli o‘rinlarni egalladilar. Bu natija yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi, muntazam mashg‘ulotlari hamda sog‘lom turmush tarziga sodiqligining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Musobaqa g‘oliblari:
To‘lqinova Mubinaxon Umidjon qizi — Jismoniy madaniyat fakulteti 3-bosqich 23.139-guruh talabasi, 3 km yugurish yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Muhammadjonova Shodiyaxon Otabek qizi — Jismoniy madaniyat fakulteti 1-bosqich 25.149-guruh talabasi, musobaqada yuqori natija qayd etib, 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Ibrohimova Mohlaroyim Ulug‘bek qizi — Jismoniy madaniyat fakulteti 1-bosqich 25.180-guruh talabasi, 3-o‘rinni egallab, universitet sharafini munosib himoya qildi.
Musobaqa davomida yuzlab ishtirokchilar sog‘lom raqobat, sportga muhabbat va do‘stlik muhitini namoyon etdilar. “Silk Road Kokand” xalqaro yugurish marafoni nafaqat sport bayrami, balki yoshlarni jismoniy faollikka undovchi muhim platformaga aylandi.