
Farg‘ona davlat universitetida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni zararli illatlardan asrash hamda giyohvandlikka qarshi kurashish madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan “Yoshlar — giyohvandlikka qarshimiz!” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchi jamoalar nizom asosida belgilangan to‘rtta shart bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etdilar.
Tanlovning birinchi shartida talabalar dolzarb mavzularda insholar yozib, giyohvandlikning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri, sog‘lom turmushning ahamiyati va ma’naviy qadriyatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Ikkinchi shartda esa A2 formatdagi ijodiy rasmlar taqdim etildi. Talabalar tomonidan yaratilgan rang-barang va mazmunli ijod namunalari orqali sog‘lom hayot tarzi, baxtli kelajak va zararli illatlardan yiroq bo‘lish g‘oyalari badiiy ifoda etildi.
Shuningdek, uchinchi yo‘nalishda jamoalar tomonidan tayyorlangan videoroliklar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ta’sirchan syujet va hayotiy voqealar asosida ishlangan videolarda giyohvandlikning jamiyat va inson taqdiriga salbiy oqibatlari yorqin ochib berildi.
Tanlovning eng qiziqarli bosqichlaridan biri sahna ko‘rinishlari bo‘ldi. Unda talabalar aktyorlik mahorati, sahna madaniyati hamda ijodiy yondashuvlarini namoyon etib, hakamlar hay’ati va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldilar.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan tanlov yakunida hakamlar hay’ati tomonidan quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin — QDU
2-o‘rin — FDTU
3-o‘rin — Farg‘ona davlat universiteti
G‘olib jamoalar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.
Mazkur tanlov yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni turli zararli illatlardan himoya qilish hamda ijtimoiy mas’uliyat hissini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.