
Farg‘ona davlat universitetida ilm-fan rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil ishlar o‘z samarasini bermoqda. Universitetning Jahon tarixi kafedrasi katta o‘qituvchisi Maxmudov Erkinjon Askaraliyevich tomonidan tayyorlangan “Arab xalifaligi davrida Farg‘ona vodiysidagi siyosiy jarayonlar” mavzusidagi dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Mazkur ilmiy ish 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan bo‘lib, unda Arab xalifaligi davrida Farg‘ona vodiysida yuz bergan siyosiy jarayonlar, hududning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar hamda mahalliy boshqaruv tizimining o‘ziga xos jihatlari chuqur ilmiy tahlil etilgan.
Dissertatsiya himoyasi Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi PhD.03/2025.27.12.Tar.10.01 raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi. Himoya jarayonida tadqiqotning dolzarbligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati keng e’tirof etildi. Ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya yuqori baholanib, yakunda 100 foiz ovoz bilan muvaffaqiyatli himoya qilingani universitet ilmiy salohiyatining yana bir yorqin namunasiga aylandi.
Tadqiqot ishida tarixiy manbalar, arab va mahalliy yozma ma’lumotlar hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida Farg‘ona vodiysining ilk o‘rta asrlardagi siyosiy hayoti yangi qarashlar bilan yoritilgan. Bu esa nafaqat O‘zbekiston tarixi, balki Markaziy Osiyo tarixshunosligi uchun ham muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.