
Farg‘ona viloyatida o‘zbek milliy musiqa san’atining yirik namoyandalaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti, Farg‘ona davlat universitetining faxriy professori Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Farg‘ona shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan “Tavakkal Qodirov va Farg‘ona–Toshkent maqom yo‘llari” mavzusidagi anjuman mamlakatimizning taniqli olimlari, san’atshunoslar, maqom ijrochilari, soha mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda yosh tadqiqotchilarni bir maydonga jamladi.
Anjuman davomida Tavakkal Qodirovning o‘zbek milliy musiqa madaniyatini rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlari, uning maqom san’ati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va boy ijodiy merosi keng muhokama qilindi. Ma’ruzachilar san’atkorning ijrochilik maktabi, pedagogik faoliyati hamda ko‘plab yosh iste’dodlarni tarbiyalashdagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirdilar.


Konferensiyada, shuningdek, Farg‘ona–Toshkent maqom yo‘llarining tarixiy ildizlari, badiiy-estetik xususiyatlari, ijro an’analari va ularni zamonaviy sharoitda asrab-avaylash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan maqom san’atini ilmiy tadqiq etish, uni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish va nomoddiy madaniy meros sifatida kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Tadbir ishtirokchilari Tavakkal Qodirovning boy ijodiy merosi nafaqat milliy musiqa san’atimizning bebaho xazinasi, balki xalqimizning ma’naviy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan ulkan madaniy boylik ekanligini alohida ta’kidladilar.
Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya buyuk san’atkorning hayoti va ijodini yanada chuqur o‘rganish, uning san’at maktabini keng targ‘ib etish hamda maqom san’atining noyob an’analarini saqlash va rivojlantirish yo‘lidagi muhim ilmiy-madaniy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ushbu anjuman milliy musiqa merosimizni ulug‘lash, san’at ahlining tajriba almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratish va yosh avlod qalbida maqom san’atiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.