
Farg‘ona davlat universitetida yoshlarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularni mehnat bozoridagi zamonaviy talablar bilan yaqindan tanishtirish hamda davlat xizmatiga qiziqishini oshirish maqsadida navbatdagi “Karyera kuni” tadbiri tashkil etildi. Tadbir doirasida Soliq qo‘mitasi va hududiy soliq organlari vakillari universitetning Iqtisodiyot fakulteti bitiruvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan soliq islohotlari, sohada raqamlashtirish jarayonlari hamda zamonaviy boshqaruv tamoyillari haqida batafsil ma’lumot berildi. Mutaxassislar bugungi kunda soliq tizimida nafaqat iqtisodiy bilimlarga, balki analitik fikrlash, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, tashabbuskorlik va mas’uliyat kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yosh kadrlarga ehtiyoj tobora ortib borayotganini ta’kidladilar.

Tadbirda ishtirok etgan Soliq qo‘mitasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i To‘rabek To‘rayev bitiruvchilar bilan samimiy suhbat qurib, ularning ta’lim jarayonidagi yutuqlari, kelgusidagi kasbiy maqsadlari va davlat xizmatida faoliyat yuritishga bo‘lgan qiziqishlari bilan yaqindan tanishdi. Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, soliq organlarida faoliyat boshlash uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali orqali ishga qabul qilish tizimi, tanlov bosqichlari va nomzodlar uchun qo‘yiladigan talablar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Bu esa bitiruvchilarga davlat xizmatiga kirishning shaffof va ochiq mexanizmlarini yaqindan o‘rganish imkonini yaratdi.
Tadbir davomida yoshlarning soliq savodxonligini oshirish masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, joriy yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan “Soliq bilimlari – yosh avlodga” tanlovini kelgusida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ham tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbus yoshlarning iqtisodiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularda soliq madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ochiq muloqot chog‘ida yana bir muhim taklif ilgari surildi. Unga ko‘ra, talabalarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida barcha fakultetlarda “Soliqlar va soliqqa tortish” fanini qayta joriy etish, shuningdek talabalarning soliq organlarida muntazam amaliyot o‘tash tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. Mazkur tashabbuslar nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish orqali malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
“Karyera kuni” doirasidagi bunday uchrashuvlar yoshlarning kasbiy yo‘nalishini aniq belgilash, ularni davlat xizmatidagi faoliyatga tayyorlash hamda ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, ular oliy ta’lim muassasalari va soliq organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, kelajakda sohaning barqaror rivojlanishi uchun raqobatbardosh va malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.