
Farg‘ona davlat universitetida respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining final bosqichida ishtirok etadigan talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur tadbir yosh sportchilarni ruhlantirish, ularning mas’uliyatini yanada oshirish hamda final bahslariga munosib tayyorgarlik ko‘rishlarini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.


Uchrashuvda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov talabalar bilan samimiy va ochiq muloqot olib bordi. Rektor o‘z so‘zida sport nafaqat jismoniy chiniqish, balki iroda, intizom, matonat va Vatanga sadoqat kabi fazilatlarni shakllantiruvchi muhim omil ekanini ta’kidlab, final bosqichiga yo‘l olgan talabalarning zimmasida katta mas’uliyat borligini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, musobaqalarda universitet sharafini himoya qiladigan 102 nafar talaba ortida ularning bilim va mahoratini shakllantirgan ustoz-murabbiylar, doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ota-onalar, 35 ming nafardan ortiq universitet jamoasi hamda to‘rt millionga yaqin Farg‘ona viloyati aholisi ishonchi va ezgu tilaklari mujassam. Ushbu yuksak ishonch sportchilardan nafaqat g‘alaba sari intilish, balki universitet va viloyat nomini munosib himoya qilishni ham talab etadi.

Muloqot davomida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sport infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham fikr almashildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, musobaqalar oldidan kerakli tavsiya va maslahatlarni oldilar.
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, iste’dodli sportchilarni kashf etish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilayotgan nufuzli sport loyihalaridan biridir.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi final bosqichida qatnashadigan barcha sportchi talabalarimizga yuksak natijalar, yorqin g‘alabalar va ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi. Ishonamizki, ular o‘z mahorati, qat’iyati va g‘alabaga bo‘lgan intilishi bilan universitetimiz sharafini munosib himoya qilib, yangi yutuqlarni qo‘lga kiritadilar.