

Farg‘ona davlat universitetida “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimiz agrar sohasi oldida turgan dolzarb vazifalar, zamonaviy ilmiy yondashuvlar hamda innovatsion yechimlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan mazkur anjuman ilm-fan va amaliyot vakillarini bir maydonda jamladi.
Anjumanda universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari hamda ishlab chiqarish korxonalari vakillari faol ishtirok etdi. Tadbir davomida global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’siri, suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirishning ilmiy asoslari, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash masalalari keng muhokama qilindi.

Ma’ruzachilar tomonidan resurs tejamkor va raqamli agrotexnologiyalarni joriy etish, zamonaviy seleksiya va biotexnologiya yutuqlaridan foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va tiklash, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilishning innovatsion usullari bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, agroiqtisodiyotning bugungi tendensiyalari, agrar sohada investitsion jozibadorlikni oshirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman davomida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yuzasidan yangi ilmiy qarashlar va takliflarni ilgari surdilar. Bildirilgan fikrlar soha rivoji uchun muhim ilmiy platforma vazifasini o‘tashi, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlashi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ma’ruzalar va muhokamalar asosida qator amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Ularni qishloq xo‘jaligi amaliyotiga keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va agrar tarmoqning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim xulosalar qabul qilindi.
Mazkur anjuman Farg‘ona davlat universitetining agrar sohada ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish hamda mamlakat qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish borasidagi sa’y-harakatlarining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.