
Farg‘ona davlat universiteti Ilmiy-pedagogik kengashining navbatdagi 10-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet faoliyatining muhim yo‘nalishlari muhokama qilinib, ilm-fan, ta’lim va yoshlar siyosati borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.


Yig‘ilish avvalida taqdirlash marosimi tashkil etilib, ilmiy unvon va ilmiy darajalarga sazovor bo‘lgan professor-o‘qituvchilar Kengash a’zolari tomonidan samimiy e’tirof etildi. Kengash raisi Bahodirjon Shermuhammadov ilmiy yutuqlarga erishgan ustoz va tadqiqotchilarni muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy faoliyatida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Ta’kidlanganidek, ushbu yutuqlar universitet ilmiy salohiyatining yuksalib borayotgani hamda professor-o‘qituvchilarning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasining yorqin namunasidir.

Yig‘ilishda universitet jamoasining madaniy-ma’rifiy sohadagi muvaffaqiyatlari ham alohida e’tirof etildi. “Talabalar teatr studiyalari” festivalining respublika bosqichida Farg‘ona davlat universiteti jamoasi “Sen yetim emassan” spektakli bilan munosib ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuq uchun talabalar BHMning 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Festival doirasida Iqtisodiyot fakulteti talabasi Dilafruz Sotiboldiyeva “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasi g‘olibi deb topilib, BHMning 25 barobari miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu natija universitet talabalarining nafaqat ilmiy, balki ijodiy salohiyati ham yuksak ekanligini yana bir bor tasdiqladi.



Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini oshirish hamda ilm-fan natijadorligini kuchaytirishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida universitetda o‘tkazilgan fan olimpiadasi g‘oliblari ham taqdirlandi. Shu bilan birga, o‘z bilim va salohiyati bilan ajralib turgan hamda muddatidan avval talabalikka tavsiya etilgan bir guruh maktab bitiruvchilariga ham esdalik sovg‘alari va sertifikatlar topshirildi.
Kengashning asosiy qismida universitet oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Xususan, yo‘riqnoma hujjatlari ijrosi, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, ta’lim yo‘nalishlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, malakaviy amaliyotlar samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Muhokamalar davomida mavjud natijalar baholanib, kelgusidagi vazifalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Kun tartibidan dissertatsiya mavzularini tasdiqlash, ilmiy unvonlarga tavsiya etish, ilmiy va o‘quv adabiyotlarini nashrga tavsiya qilish hamda universitet faoliyatiga oid qator muhim masalalar ham o‘rin oldi.
Ilmiy-pedagogik kengash yig‘ilishi universitet hayotidagi muhim voqealardan biri sifatida nafaqat erishilgan yutuqlarni e’tirof etish, balki ta’lim va ilm-fan rivojining yangi istiqbollarini belgilashga xizmat qildi. Unda ilgari surilgan tashabbuslar va qabul qilingan qarorlar Farg‘ona davlat universitetining ilmiy, ma’naviy va ta’limiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.