
Markaziy Osiyoning ekologiya, “yashil” texnologiyalar va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi eng nufuzli maydonlaridan biri hisoblangan “ECO EXPO CENTRAL ASIA – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar, olimlar, investorlar va yosh innovatorlarni birlashtirmoqda. Mazkur yirik xalqaro tadbirda Farg‘ona viloyatidan ham istiqbolli startap va ilmiy loyihalar taqdim etilmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi ta’lim yo‘nalishining 4-bosqich talabasi Zufarjon Sobirov ko‘rgazmada o‘zining “ZAVI AI – Tuproq sho‘rlanishini real vaqt rejimida prognoz qilish” nomli innovatsion startap loyihasi bilan ishtirok etmoqda.
Loyiha sun’iy intellekt va zamonaviy ma’lumotlar tahlili texnologiyalariga asoslangan bo‘lib, tuproq sho‘rlanishi jarayonlarini monitoring qilish, xavf darajasini baholash hamda kelgusidagi o‘zgarishlarni oldindan prognozlash imkonini beradi. Ushbu yechim qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini saqlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik muammolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Startapning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, u ekologik ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash orqali fermerlar, mutaxassislar va tegishli tashkilotlarga ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilishda amaliy ko‘mak beradi. Bu esa agrar sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Xalqaro ko‘rgazmada namoyish etilayotgan mazkur loyiha yoshlarning ilm-fan va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini, shuningdek, Farg‘ona davlat universitetida ilmiy-tadqiqot va startap faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarning samarali natijasini namoyon etmoqda.