
Farg‘ona davlat universiteti sportchilari respublika miqyosida tarixiy natijaga erishdi.
Toshkent shahrida yuqori saviyada tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika bosqichi yakunlandi. Mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan nufuzli musobaqada Farg‘ona davlat universiteti jamoasi yorqin natijalarni qayd etib, umumjamoa hisobida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

FarDU delegatsiyasi musobaqa davomida 18 ta medal jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, sportchilarimiz 7 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza medal sohibiga aylanishdi. Ushbu natija universitet jamoasining puxta tayyorgarligi, sportchilarning qat’iyati va murabbiylarning fidokorona mehnatining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Musobaqa davomida FarDU sportchilari o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, mahorati va g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoqini namoyon etdilar. Har bir bahsda universitet sharafini munosib himoya qilgan talaba-yoshlar yuksak natijalarga erishib, Farg‘ona davlat universitetining sport sohasidagi salohiyatini yana bir bor tasdiqladilar.

Mazkur zafar universitetda sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Ushbu yuksak natijaga erishishda Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadovich Shermuhammadovning talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari, sport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlari hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar muhim omil bo‘ldi.
Universitet rahbariyati tomonidan sport bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilib, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning jismoniy va ma’naviy kamolotini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani o‘z samarasini bermoqda.

“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”dagi ushbu g‘alaba Farg‘ona davlat universiteti tarixidagi yorqin sahifalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu nafaqat sportchilarimizning, balki murabbiylar, professor-o‘qituvchilar va butun universitet jamoasining umumiy yutug‘idir.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasini ushbu ulkan muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaymiz. Ishonamizki, talaba-sportchilarimiz kelgusida ham yangi g‘alabalar sari dadil odimlab, nafaqat universitet, balki viloyat va mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda ham munosib himoya qiladilar.
Natijalar:
FarDU — g‘alaba, intilish va yuksak natijalar maskani!