
Farg‘ona davlat universitetida talabalar ta’lim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Universitet rahbariyati tomonidan kampus hududida amalga oshirilayotgan qurilish va rekonstruksiya loyihalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov kampusda olib borilayotgan bunyodkorlik va ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishib, loyihalarning borishi, qurilish sifati hamda belgilangan muddatlarga rioya etilishi yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berdi.

Ayni paytda Sport faoliyati fakultetining o‘quv va sport kompleksi zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinmoqda. Yangilanishlar natijasida talabalarning nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi hamda xalqaro talablarga mos sharoitlarda mashg‘ulot olib borishi uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi talabalar turar joyi qurilishi ham jadal sur’atlarda davom etmoqda. Zamonaviy loyiha asosida bunyod etilayotgan ushbu majmua talabalarni barcha zarur qulayliklar bilan ta’minlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash va ta’lim jarayoniga yanada samarali jalb etishga xizmat qiladi.
Universitetning asosiy kampusida qurilayotgan yangi Axborot-resurs markazi esa ilm-fan va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Jahon standartlari asosida barpo etilayotgan markaz zamonaviy kutubxona fondi, elektron resurslar, raqamli xizmatlar hamda mustaqil ta’lim uchun qulay o‘quv maydonlarini o‘z ichiga oladi. Bu esa talabalar va professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur loyihalar Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifati, talabalar turmush sharoiti va ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasidir. Universitetda yaratilayotgan zamonaviy va qulay muhit yoshlarning sifatli ta’lim olishi, o‘z iste’dod va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.