Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 521
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 63
    • Arizalar 405
    • Shikoyatlar 53
  • Ko`rib chiqilmoqda 36

ASIIN XALQARO AGENTLIGI EKSPERTLARI FARDUDA

16:54, 10.06.2026      

Farg‘ona davlat universitetida xalqaro akkreditatsiya jarayonlari doirasida Germaniyaning nufuzli ASIIN (Accreditation Agency for Study Programmes in Engineering, Informatics, Natural Sciences and Mathematics) xalqaro agentligi ekspertlari tantanali ravishda kutib olindi. Mazkur tashrif universitetning ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, akademik dasturlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Pedagogika va san’atshunoslik fakultetida tashkil etilgan kutib olish marosimida mehmonlarni Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi universitet rahbariyati samimiy qarshi oldi. O‘zbek xalqining qadimiy mehmondo‘stlik an’analariga muvofiq, ekspertlar non va tuz bilan kutib olinib, ularga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.

Tadbirning madaniy qismi ham mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. San’atshunoslik mutaxassisligi talabalari tomonidan ijro etilgan o‘zbek va nemis milliy kuy-qo‘shiqlari ikki xalq madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va do‘stlik ramziga aylandi. Milliy cholg‘ular sadolari va musiqiy chiqishlar universitetdagi ijodiy muhit hamda talabalarning san’atga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.

Kutib olish marosimidan so‘ng universitet rahbariyati va ASIIN ekspertlari ishtirokida rasmiy uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazildi. Muloqot davomida universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va xalqaro akkreditatsiya jarayonlariga oid qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:

  • Strategiya – universitetni rivojlantirish, ta’lim va ilm-fanni xalqarolashtirish bo‘yicha istiqbolli rejalar;
  • Sifat – ta’lim dasturlarining zamonaviy talablarga mosligi, o‘quv jarayonining samaradorligi va sifat nazorati tizimi;
  • Resurslar – moddiy-texnik baza, zamonaviy laboratoriyalar, o‘quv infratuzilmasi hamda professor-o‘qituvchilar salohiyati;
  • Hamkorlik – mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalar samaradorligi.

Ekspertlar universitetning ilmiy va pedagogik salohiyati, zamonaviy infratuzilmasi hamda ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdilar.

Tashrif doirasida ASIIN ekspertlari Farg‘ona davlat universitetining matematika, fizika va texnologik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha akademik dasturlarini o‘rganish va baholash ishlarini olib bormoqda. Ushbu jarayon ta’lim dasturlarining xalqaro mezonlarga mosligini aniqlash, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Xalqaro akkreditatsiya universitet uchun nafaqat sifat kafolati, balki xalqaro ta’lim maydonida nufuzni mustahkamlash, yangi hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish va talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishning muhim omili hisoblanadi.

Farg‘ona davlat universiteti jamoasi ASIIN ekspertlari bilan samarali va konstruktiv hamkorlik natijasida ushbu jarayon muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch bildirib, xalqaro standartlarga mos, sifatli va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.