

“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarida umumjamoa hisobida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Farg‘ona davlat universiteti delegatsiyasi Marg‘ilon avtovokzalida tantanali ravishda kutib olindi. Ushbu tarixiy yutuq nafaqat universitet jamoasi, balki butun Farg‘ona viloyati yoshlari uchun katta quvonch va faxr manbaiga aylandi.
G‘olib sportchilarni universitet rahbariyati, murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, ota-onalar hamda talaba-yoshlar ko‘tarinki ruh va samimiy olqishlar bilan qarshi oldilar. Bayroqlar hilpiragan, g‘alaba shukuhiga burkangan tantanali kutib olish marosimi sportchilarimizning mehnati va matonatiga bildirilgan yuksak ehtiromning yorqin namunasiga aylandi.


Mazkur musobaqadagi mutlaq g‘oliblik Farg‘ona davlat universitetida sportni rivojlantirish, yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamolotini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil ishlarning amaliy natijasidir. Talaba-sportchilarimiz musobaqalar davomida yuksak mahorat, qat’iyat va g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq namoyon etib, universitet sharafini munosib himoya qildilar.
Ushbu muvaffaqiyat sportchilarning mashaqqatli mashg‘ulotlari, murabbiylarning fidokorona mehnati hamda universitet tomonidan yaratilgan zamonaviy sport infratuzilmasining samarali uyg‘unligi natijasida qo‘lga kiritildi.

Shu kunning o‘zida Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhamadov chempion talabalar va ularning ustozlari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida rektor sport va ta’lim sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Erishilgan tarixiy natija esa ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib javob bo‘lib, universitet jamoasining ulkan yutug‘i sifatida e’tirof etildi.
— Bu g‘alaba avvalo sizlarning fidoyiligingiz, matonatingiz, jamoaviy hamjihatligingiz va tinimsiz mehnatingiz mahsulidir. Sizlar nafaqat universitetimiz, balki viloyatimiz va mamlakatimiz yoshlariga ham o‘rnak bo‘la oldingiz, — deya ta’kidladi rektor.
Uchrashuv yakunida sportchilar va murabbiylarga samimiy minnatdorlik bildirilib, kelgusidagi nufuzli musobaqalarda ham yuksak natijalarni qo‘lga kiritish tilaklari izhor etildi.
Bugungi g‘alaba Farg‘ona davlat universiteti tarixidagi yana bir yorqin sahifa bo‘lib, talaba-yoshlarning ulkan salohiyati, g‘alabaga bo‘lgan intilishi va vatan ravnaqi yo‘lidagi fidoyiligini namoyon etdi. Shubhasiz, chempionlarimizning bu muvaffaqiyati universitet jamoasini yangi zafarlar sari ruhlantirib, yosh avlod uchun ilhom va motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Farg‘ona davlat universiteti sportchilari — g‘ururimiz, chempionlarimiz va kelajak g‘alabalarining ishonchli bunyodkorlaridir!