

Farg‘ona davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarida erishilgan tarixiy g‘alabaga bag‘ishlangan uchrashuv ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Universitet sportchilari va murabbiylari ishtirok etgan samimiy tadbir nafaqat yutuqlar sarhisobi, balki minnatdorlik, ehtirom va birdamlik namunasiga aylangan unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.


Uchrashuv davomida sport musobaqalarida yuqori natija qayd etib, 4 ta medalni qo‘lga kiritgan Madinaxon Yo‘ldasheva barcha g‘olib sportchilar nomidan so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida universitetda yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, murabbiy va ustozlarning doimiy qo‘llab-quvvatlashi hamda tizimli tayyorgarlik ishlari bugungi muvaffaqiyatlarning asosiy omili bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, talaba-sportchi universitet rahbariyati tomonidan yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sportchilarning yangi marralarni zabt etishiga kuchli motivatsiya berayotganini qayd etdi.


Tadbirning eng ta’sirli va esda qolarli lahzalaridan biri sportchilarning umumjamoa hisobida qo‘lga kiritgan 18 ta medalini universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadovga ramziy sovg‘a sifatida taqdim etish marosimi bo‘ldi.
Chempion talabalar ushbu medallarni rektorning tavallud ayyomi munosabati bilan universitet jamoasining birgalikdagi mehnati va qo‘llab-quvvatlashi samarasining timsoli sifatida topshirib, o‘zlarining samimiy tabriklari hamda chuqur minnatdorliklarini izhor etdilar.
Mazkur ramziy sovg‘a sportchilar va universitet rahbariyati o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikning yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu lahza tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirib, uzoq vaqt xotiralarda saqlanadigan voqeaga aylandi.

Uchrashuv davomida erishilgan natijalar e’tirof etilib, sportchilarning mashaqqatli mehnati, murabbiylarning fidokorona sa’y-harakatlari va universitet tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar yuksak baholandi.
Qayd etilganidek, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”dagi muvaffaqiyat Farg‘ona davlat universitetining sport sohasidagi salohiyati yildan-yilga ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Bugungi chempionlar nafaqat universitet sharafini yuksaltirdilar, balki minglab yoshlar uchun iroda, matonat va g‘alabaga intilishning yorqin namunasiga aylandilar.
Shubhasiz, sportchilar tomonidan rektorga taqdim etilgan 18 medal universitet tarixidagi navbatdagi yorqin sahifa bo‘lib, bu yutuqlar ortida turgan fidoyilik, jamoaviy birdamlik va ulkan mehnatning ramzi sifatida qadrlanadi.
Farg‘ona davlat universiteti chempionlari yangi marralar sari dadil odimlamoqda. Ularning bugungi zafarlari ertangi ulkan g‘alabalarning mustahkam poydevoridir.