
Farg‘ona davlat universitetida bitiruvchilar bandligini ta’minlash, yoshlarning kasbiy raqobatbardoshligini oshirish hamda universitetning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari va tegishli mas’ul xodimlar ishtirok etib, ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash hamda ilmiy faoliyat samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashdilar.

Yig‘ilishda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov bugungi globallashuv va tezkor o‘zgarishlar davrida har bir yosh zamonaviy bilim, kasb va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarurligini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish o‘rinlariga joylashishi, ularning mehnat bozoridagi talab va ehtiyojlarga mos malakali kadr sifatida shakllanishi oliy ta’lim muassasasi faoliyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, fakultetlar va mas’ul bo‘linmalar oldiga ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, amaliyot bazalarini mustahkamlash, bitiruvchilar monitoringini kuchaytirish hamda yoshlarni tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish davomida universitetning ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faolligini oshirish, xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilayotgan maqolalar sonini ko‘paytirish, ilmiy loyihalar va grantlar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shuningdek, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik faoliyatini rag‘batlantirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar davomida har bir fakultet va tarkibiy bo‘linmaning faoliyatida natijadorlik, tashabbuskorlik va mas’uliyat tamoyillari ustuvor bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Bitiruvchilar bandligi ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda ilmiy salohiyatni oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash hamda ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadi mujassam ekani qayd etildi.
Mazkur yig‘ilish universitetning ta’lim, ilm-fan va innovatsion rivojlanish yo‘lidagi ustuvor vazifalarini belgilab berish bilan birga, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va ilmiy salohiyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoniga aylandi.